Takasaki Byakue Dai Kannon haykali shahar ramzi sifatida Kannon tog’ining cho’qqisidan Takasaki shahrini kuzatib turadi. U balandligi 41.8 metr va og’irligi taxminan 6000 tonnali o’lkan haykaldir. Uning sharqiy tomonida Jigenin nomli ibodatxona bor. Kannon haykali biroz pastga qarab turadi, agar siz uning qarshisida tursangiz, go’yo bir–biringiz bilan so’zlashayotgandek bo’lasiz, uning mehribon qarashidan ko’nglingiz orom oladi.
Haykal ichiga kirishingiz ham mumkin. Uning ichida 20 ta oliy budda haykalchalari bor. Shuningdek, Kannon haykalining yelkasigacha ko’tarilishingiz mumkin. U erdan Takasaki shahrini, 3 Jomo tog’ tizmalarini – Akagi, Myogi, Haruna tog’larini va Yatsugatake tog’lar tizimini kuzatishingiz mumkin. Yilning 14-fevralidan – sevishganlar kunidan boshlab bir oy davomida ‘qizil ip bog’lash ‘ bayrami nishonlanadi. Unda Kannon haykalining kichik barmog’iga bog’langan 30 metrli qizil ip bilan o’zingizning kichik barmog’ingizni bog’lashingiz mumkin.
Kannon haykali baxt topishga yordam beradigan muqaddas joy sifatida ham qadrlanib kelinadi. Bundan tashqari sevishganlar uchun kechqurunlari yorug’liklar bilan bezatilgan Kannon haykalidan go’zal Takasaki shahrining kechqurungi manzarasini kuzatish ham o’zgachadir.
Kannonyama tog’ida xilma-xil o’simliklar, yovvoyi qushlar va davlat muhofazasidagi tarixiy joy qoldiqlari ham bor. Biroz shahar shovqinidan qochib go’zal tabiat qo’ynida bo’lish ham ko’nglingizga orom beradi. Shuningdek, Daruma ibodatxonasidan Kannon haykaligacha 3 km lik sayr yo’li ham mavjud bo’lib, go’zal tabiat qo’ynida sayr qilib zavqlanishingiz ham mumkin.